Faxruddin Aliy Safiyning “Rashahot” asarida qo‘llanilgan janrlar va adabiy ilmlar
Ключевые слова:
manoqib, janr, badiiy san’atlar, baroat-i istihlol, kinoyali tashbihАннотация
XIV-XV asr Hirot adabiy muhitida o‘zining betakror ijodi, otashnafas
she’rlari, tarbiyaviy ruhdagi dostonlari, irfoniy nasriy asarlari bilan
tanilgan zullisonayn ijodkorlar talaygina. Bu ijodkorlar asrlar davomida
forsiy va turkiy she’riyatning yuksalishiga kuchli ta’sir ko‘rsatib keldilar.
Ana shunday ijodkorlardan biri, o‘zidan boy ilmiy-adabiy meros qoldirgan
yetuk manoqibnavis va tazkiranavis olim Faxruddin Aliy Safiy ibn Husayn
Voiz Koshifiy Hiraviy (1463–1533)dir.
Faxruddin Aliy Safiy ijodi Nizomiy Ganjaviy, Sa’diy Sheroziy,
Xoqoniy Shirvoniy, Imomiddin Nasimiy, Mavlono Abdurahmon Jomiy,
Alisher Navoiy kabi zabardast ijodkorlarning boy adabiy meroslari
asosida shakllangan va rivojlangan. Aliy Safiy turkiy, fors va arab tillarini
mukammal egallagan va uch tilda mahorat bilan qalam tebratgan adibdir.
Ushbu maqolada Faxruddin Aliy Safiy ibn Husayn Voiz Koshifiy
Hiraviyning Xoja Ubaydulloh Ahrorga bag‘ishlab yozgan “Rashahot aynul-hayot” (“Hayot bulog‘i tomchilari”) asari, undagi badiiy ifoda va talqin
uslubi, ijodkorning o‘z asarida qo‘llagan she’riy janrlari, she’riy va badiiy
san’atlar, balog‘at ilmiga tegishli baroat-i istihlol, ya’ni husn-i ta’lil san’ati,
adabiy ilmlar, xususan, bayon ilmi, tashbih, kinoyali tashbih, muhoraza
ilmi va boshqa kabi xususlar bilan bog‘liq ijodkorning badiiy mahorati
masalalari tahlil qilingan.